O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 iyun kuni «Tabiiy gaz bozorini isloh qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Hujjatga asosan tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi "UzGasTrade" AJ aksiyadorlik jamiyati tashkil etilmoqda. Hozirda bu funksiyani «O‘ztransgaz» AJ kompaniyasi shug‘ullanmoqda, endi u gazni tashish, saqlash va tranzit tashishga ixtisoslashgan magistral gaz transporti tizimining yagona operatori bo‘ladi.
Qaror bilan 2022 yil 1 avgustdan boshlab "UzGasTrade" AJ:
- tabiiy gazni davlatning yagona operatori sifatida respublikadagi ishlab chiqaruvchilardan Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan narxlarda va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish;
- «Hududgazta’minot» AJga va magistral gaz uzatish tizimiga ulangan iste’molchilarga tabiiy gazni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotish, shu jumladan prezident qarorlarida ko‘zda tutilgan holatlardan tashqari yagona eksport qiluvchi funksiyalarini bajaradi.
Bunda, mahsulot taqsimotiga oid bitimlarni hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar, qo‘shma korxonalar va “UzGasTrade” AJ o‘rtasidagi tabiiy gazni xarid qilish to‘g‘risidagi shartnomalarni rasmiylashtirish ishlari 2022 yil 1 avgustga qadar «O‘ztransgaz» AJ tomonidan bajariladi.
«O‘ztransgaz» AJ va «Hududgazta’minot» AJ respublika bo‘yicha gaz taqsimlash stansiyalari va sanoat tugunlarini xatlovdan o‘tkazib, ushbu obyektlar orqali xizmat ko‘rsatiladigan iste’molchilarga bog‘liq holda ularni qayta taqsimlaydi. O‘zbekistonda gaz uzatish tizimini, shu jumladan yer osti gaz saqlash omborlari infratuzilmasini 2040 yilgacha rivojlantirish va modernizatsiya qilish strategiyasini ishlab chiqiladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi Energetika vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan ikki oy muddatda «O‘ztransgaz» AJ magistral gaz uzatish tizimidagi barcha kirish va chiqish nuqtalarida o‘rnatilgan gaz hisoblagichlarni xatlovdan o‘tkazib, ularning ustidan onlayn nazorat o‘rnatadi.
Belgilanishicha, “UzGasTrade” AJ ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketlari bo‘yicha aksiyador huquqi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Tashkilotning ustav kapitali Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya mablag‘larining bir qismi hisobidan shakllantiriladi.
Tabiiy gazni sotib olish va ichki bozorda uni sotish bilan bog‘liq 2022 yil 1 avgust holatiga mavjud debitor va kreditor qarzdorliklar bo‘yicha barcha huquq va majburiyatlar «O‘ztransgaz» AJ zimmasida qoladi.
Qarorga ko‘ra, «O‘ztransgaz» AJning tabiiy gazni xarid qilish va sotish shartnomalari hamda bitimlari, shu jumladan mahsulot taqsimotiga oid bitimlar bo‘yicha huquq va majburiyatlari 2022 yil 1 avgustdan boshlab “UzGasTrade” AJga o‘tadi. Ushbu tashkilot tomonidan tabiiy gazni import qilish tender, tanlov hamda hukumat qarori asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan “UzGasTrade” AJning tabiiy gazni sotib olish va sotish narxlaridagi tafovut sababli yuzaga keladigan zararlarini qoplash va operatsion faoliyatini moliyalashtirish maqsadida:
- ikki hafta muddatda “UzGasTrade” AJning faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur bo‘ladigan mablag‘lar hisob-kitobi va manbai bo‘yicha aniq takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
- bir oy muddatda «2022 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
- keyingi yillarda ushbu maqsadlar uchun subsidiyalarni «Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihalarida nazarda tutiladi.
Eslatib o‘tamiz, «O‘ztransgaz» AJ 2021 yilni 2,51 trn so‘m (2021 yil uchun o‘rtacha yillik kurs bo‘yicha 236,2 mln dollar), 2020 yilni 3,57 trln so‘m (354,7 mln dollar) zarar bilan yakunladi. «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, bugungi kunda kompaniyaning umumiy qarzi 2 mlrd dollardan oshgan.
Avval xabar berganimizdek, 1 iyuldan O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz narxlarini oshirish, shuningdek, energiya resurslarini iste’mol qilishda ijtimoiy normalarni joriy etish taklif qilinmoqda.