
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, dastlabki amalga oshirilgan ishlardan biri oʻz bayrogʻimizni tasdiqlash boʻldi. 1991-yil 18-noyabrda “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonun eʼlon qilindi. Ayni kunlarda bayrogʻimiz qabul qilinganligining 33 yilligi yurtimiz boʻylab keng tantana qilinayapti.
Bayrogʻimiz mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatning teng aʼzosi ekanligini anglatadi va oʻzida milliy-madaniy anʼanalarimizni, kelajak orzu-maqsadlarimizni mujassamlashtiradi.
Jonajon Oʻzbekistonimizning moviy, zangori, oppoq ranglarda uyqash, hilol Oy va kumush yulduzlar jilolanib turgan bayrogʻini magʻrur hilpirab turganini har gal koʻrganda koʻngilda ajib tuygʻular uygʻonadi, gʻurur, faxr-u ixtixor vujudingni qamrab oladi.
Bayrogʻimizdagi moviy rang – tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obi-hayot ramzi. Timsollar tilida bu – yaxshilik, donishmandlik, halollik, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrogʻining rangi ham moviy rangda edi.
Oq rang esa muqaddas tinchlik ramzi, poklik, begʻuborlik, soflik, orzu va hayollar tozaligi, ichki goʻzallikka intilishning timsoli.
Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U koʻpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar boʻlsa vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.
Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Ayni paytda u qoʻlga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Yulduzlar barcha uchun ruhiy, ilohiy timsol sanalgan. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻidagi oʻn ikki yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning oʻn ikki yulduzga boʻlgan eʼtiborimiz Oʻzbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.
Bayrogʻimiz, chinakam maʼnoda, xalqimizning asriy madaniyati, urf-odatlari va pok islom dinining umuminsoniy gʻoyalarini oʻzida mujassamlashtirgan.
Yurtimizning, xalqimizning obroʻ-nufuzi yuksakligidan dalolat beruvchi ramziy timsolini hamisha eʼzozlaylik va boshimiz uzra baland koʻtaraylik!
“UzGasTrade” aksiyadorlik jamiyati barcha yurtdoshlarimizni ushbu sana bilan qizgʻin muborakbod etadi. Ona yurtimizni tinchlik va farovonlik hech qachon tark etmasin, bayrogʻimiz baland-balandlarda Oʻzbekiston shon-u shavkatini nomoyon etib hilpirayversin!